Ilmiy ishlanmalar asosida spin-off korxonalarini tashkil etish va rivojlantirishning bosqichli boshqaruv modeli
Kalit so‘zlar:
spin-off, ilmiy ishlanma, tijoratlashtirish, intellektual mulk, due diligence, investor, korporativ boshqaruv, texnologiyalar transferiAbstrak
Maqolada oliy ta'lim va ilmiy tashkilotlarda yaratilgan ilmiy ishlanmalar asosida spin-off korxonalarini tashkil etish va rivojlantirishning tashkiliy-iqtisodiy boshqaruv modeli taklif etiladi. Spin-off har bir ilmiy ishlanma uchun avtomatik tijoratlashtirish kanali emasligi asoslanib, litsenziya, shartnoma va mustaqil kompaniya o'rtasidagi tanlovni texnologiyaning huquqiy himoyasi, bozor tezligi, jamoa kompetensiyasi, qo'shimcha aktivlar, kapital talabi va kutilayotgan ta'sir bo'yicha baholash zarurligi ko'rsatiladi. Tadqiqotda G0-G6 bosqichli model ishlab chiqilgan: texnologiyani oshkor qilish, kanalni tanlash, due diligence, term sheet, kompaniyani tashkil etish, sotuv va investitsiya orqali o'sish hamda chiqish qarori. Intellektual mulk huquqi bilan korporativ ulushni ajratib boshqarish, muassis, ilmiy jamoa va investor manfaatlarini oldindan kelishish, vaqtinchalik rag'batlar va birinchi xaridor mexanizmini bozorni almashtirmaydigan yordamchi vosita sifatida qo'llash taklif etilgan. Spin-off natijadorligini yuridik shaxsni soni bilan emas, mustaqil xaridor, to'lov, takroriy sotuv, xususiy investitsiya, barqaror pul oqimi va o'z vaqtida chiqish mezonlari orqali baholash asoslangan. Taklif etilgan yondashuv korxona tashkil etish qarorini texnologik, huquqiy va bozor dalillari bilan bog'lab, davlat resurslarining maqsadli va natijaga yo'naltirilgan taqsimlanishiga xizmat qiladi.