«Alpek» mahalliy antigelmint substansiyasining quyonlarda o'tkir toksikligini klinik, gematologik va biokimyoviy baholash
Kalit so‘zlar:
Alpek, antigelmint preparat, albendazol, o'tkir toksiklik, quyon, gematologiya, biokimyo, jigar fermentlari, veterinariya farmakologiyasi, xavfsizlikAbstrak
Mazkur tadqiqotning maqsadi mahalliy ishlab chiqilgan «Alpek» antigelmint substansiyasining quyonlarda o'tkir toksikligini baholash hamda uning xavfsiz qo'llash dozasini aniqlashdan iborat. Tajribalar 6-12 oylik klinik jihatdan sog'lom quyonlarda o'tkazildi. Hayvonlarga preparat 500, 1000 va 2000 mg/kg dozalarda bir marta og'iz orqali yuborildi. Tadqiqot davomida klinik holat, gematologik, biokimyoviy, koagulologik va patologoanatomik ko'rsatkichlar baholandi. Natijalarga ko'ra, 500 mg/kg dozada preparat klinik va laborator ko'rsatkichlarga salbiy ta'sir ko'rsatmadi hamda fiziologik me'yorlar doirasida saqlandi. 1000 mg/kg dozada jigar fermentlari (ALT, GGT) faolligining oshishi, leykotsitoz va moddalar almashinuvida toksik o'zgarishlar qayd etildi. 2000 mg/kg dozada og'ir intoksikatsiya va letal oqibatlar kuzatildi. Olingan natijalar «Alpek» substansiyasining toksik ta'siri dozaga bog'liq ekanligini tasdiqladi hamda 500 mg/kg doza quyonlar uchun xavfsiz ekanligini ko'rsatdi.