Pista bog‘larida shiralarning turlari va bioekologiyasi
DOI:
https://doi.org/10.68372/y1b0sk46Kalit so‘zlar:
xandon pista, Pistacia vera, shiralar, Aphididae, A. pistaciae, F. hirsuta, gall, bioekologiya, fenologiya, avlod, foydali harorat, zararlilik darajasi, integratsiyalashgan himoya.Abstrak
Mazkur maqolada 2023–2025-yillarda Samarqand va Jizzax viloyatlarining xandon pista (Pistacia vera L.) bog‘larida uchraydigan shiralar (Aphididae) oilasi vakillarining tur tarkibi, tarqalishi, rivojlanish xususiyatlari va zararlilik darajasi o‘rganilgan. Tadqiqotlar natijasida xandon pista agrobiotsenozida shiralar oilasining 4 turi aniqlanib, ular orasida pista yashil shirasi (A. pistaciae) va pista barg Chetida shish hosil qiluvchi shira (F. hirsuta) dominant hamda iqtisodiy jihatdan muhim turlar sifatida qayd etildi. Jizzax viloyati sharoitida F. hirsutaning rivojlanish fenologiyasi o‘rganilib, vegetatsiya davrida 3 ta to‘liq avlod va 4-avlodning qisman rivojlanishi kuzatildi. Shiralar rivojlanishining boshlanishi 10°C haroratda qayd etilib, 20–30°C harorat oralig‘i nisbatan qulay sharoit sifatida baholandi. Eng yuqori zararlanish iyun–iyul oylarida kuzatildi. Yosh daraxtlarda barglarning 10–15% va meva beruvchi daraxtlarda 15–20% zararlanishi himoya tadbirlarini boshlash uchun amaliy mezon sifatida belgilandi. Olingan natijalar xandon pista bog‘larida shiralarni monitoring qilish va ularga qarshi integratsiyalashgan himoya tadbirlarini o‘z vaqtida tashkil etish uchun ilmiy-amaliy asos bo‘lib xizmat qiladi.